Yaponiya Moliya vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov hamda Yaponiya Moliya vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Suiti Hosoda o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti direktori Abbosbek Jurayev ham ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida tomonlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda hududiy bo‘linmalar xodimlarining malakasini oshirish va kasbiy salohiyatini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Siyosiy tadqiqotlar instituti (PRI – Policy Research Institute) bilan hamkorlikda qo‘shma o‘quv va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, jumladan, moliya sohasida zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni qo‘llash yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar Yaponiya mutaxassislari va ekspertlarini yangi tashkil etilgan “Tosh Tech” universitetining ta’lim jarayoniga jalb etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda ikki mamlakatning ta’lim va ilmiy muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar hamda ta’lim, ilmiy-tadqiqot va texnologik loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Manba: Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy Telegram kanali
















